Miya salomatligiga ta'sir qiluvchi omillarni bilasizmi?

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti inson miyasi salomatligini ta'minlash bilan bog'liq navbatdagi hisobotini e'lon qildi. Unda keltirilishicha, dunyo bo'yicha har uch kishidan birida hayotining qaysidir qismida ma'lum turdagi nevrologik kasalliklar rivojlanadi.

    Xavotirli jihati, bu holat nogironlikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omildir. Qolaversa, erta o'limga olib keluvchi sabablar orasida ikkinchi o'rinda qayd etiladi. Masalan, insul`t, migren`, demans va meningit oqibatida jahonda har yili to'qqiz millionga yaqin odam hayotdan ko'z yumishi hisob-kitob qilingan.

    — Chunki miya — inson tanasidagi eng murakkab a'zo, — deydi JSST vakili doktor Ren Mingxi. — U orqali borliqni his qilamiz. Fikrlash, harakat, muloqot qilish qobiliyati ham shu nozik organning sharofati. Bundan tashqari, miya ko'plab hayotiy funktsiyalar, jumladan, yurak-qon tomir, nafas olish, endokrin va immun tizimlarini tartibga soladi. Ammo umr davomida ko'plab xavfli omillar miya salomatligi uchun jiddiy xavf tug'dirishi mumkin. Ularning ba'zilari alal-oqibat nogironlik va erta o'limni keltirib chiqaradi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, past va o'rta daromadli mamlakatlardagi besh yoshgacha bo'lgan bolalarning 43 foizi, ya'ni 250 millionga yaqin o'g'il-qiz aqliy salohiyatini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum. Shu ma'noda, JSSTning yuqorida qayd etilgan hisoboti ushbu organ faoliyatini yanada chuqurroq tadqiq qilish hamda epilepsiya va boshqa nevrologik kasalliklarga qarshi kurashish borasida global sa'y-harakatlarga turtki beradi.

    Hujjatda miya salomatligiga ta'sir qiluvchi omillarning besh asosiy guruhi keltirilgan:

    salomatlik;
    sog'lom muhit;
    xavfsiz muhit;
    ta'lim va ijtimoiy aloqalar;
    sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyati.

    JSSTning xulosasiga ko'ra, ushbu omillarning muvozanatli kombinatsiyasi ko'plab nevrologik va psixiatrik kasalliklarning oldini olish, qolaversa, psixotrop moddalar iste'molini keskin kamaytirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.