Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisoboti ham buni tasdiqlaydi. Unda keltirilishicha, oʻtgan haftada dunyo boʻyicha har 44 soniyada bir kishi COVID-19dan vafot etgan.

Aslida bu — xavotirli koʻrsatkich. Biroq JSST rahbari Tedros Gebreyesusning fikriga koʻra, sayyoramizda umumiy epidemiologik vaziyat yaxshilanmoqda.

Xususan, shu yil fevral oyidan buyon koronavirusdan oʻlim holatlari 80 foizga kamaygan. Vaholanki, yil boshida har 12 soniyada bir bemor ushbu xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumayotgan edi.

“Lekin pasayish tendensiyasi kelajakda ham davom etishiga kafolat yoʻq, — deydi T. Gebreyesus. — Hamma pandemiya hali tugamaganini eshitishdan charchadi. Ammo shuni unutmaylikki, bu virus oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketmaydi”.

Ana shundan kelib chiqib, mutaxassislar koronavirusga qarshi vaksinalar imkoniyatidan yanada kengroq foydalanish kerakligini qayd etmoqda. Bu, avvalo, kasallikning oldini olish, qolaversa, yangi mutatsiyalarning bemorlarda yengil va asoratsiz oʻtishini taʼminlaydi.