JSST qizamiqqa qarshi shoshilinch emlanishni tavsiya qildi

    Salomatlik 24 Yanvar 2024 1401

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi “koʻhna qitʼa” davlatlarini zudlik bilan qizamiqqa qarshi emlash kampaniyalarini oʻtkazishga chaqirdi.

    Bu shoshilinch tavsiyalar bejiz aynan shu kunlarda oʻrtaga chiqqani yoʻq. Chunki mintaqada oʻtgan yil davomida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 2022-yilga nisbatan 30 barobar koʻp qayd etilgan.

    Ekspertlar buni pandemiya davrida qizamiqqa qarshi vaksinatsiya qamrovi keskin pasaygani bilan izohlamoqda. Oqibatda 2023-yil yanvar oktyabr oylarida bu kasallikka chalingan bemorlar soni 30 ming nafardan oshdi. Vaholanki, mazkur statistika 2022-yilda atigi 941 tani tashkil etgan edi.

    JSST prognoziga koʻra, soʻnggi oylarda qizamiq bilan kasallanish holatlari yana koʻpaygan va shoshilinch choralar koʻrilmasa, bu tendensiya davom etishi ehtimoli yuqori.

    Hozir qizamiq rasman endemik deb eʼlon qilingan davlatlarda oʻsish dinamikasi kuzatilyapti. Xususan, Buyuk Britaniya xastalik koʻpayishi ortidan mamlakatda milliy favqulodda holat rejimini joriy etishga majbur boʻldi.

    Eslatib oʻtamiz, dunyo boʻyicha 2022-yilda emlash qamrovi 2021-yilga nisbatan biroz oshgan boʻlsada, ammo shunda ham 33 million bola qizamiqqa qarshi emlash dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin oʻgʻil-qiz bunday vaksinalarning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.