JSST rahbari: koronavirusning yangi shtammining yuzaga kelish xavfi saqlanib qolmoqda

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus koronavirusning yangi shtammi paydo bo'lishi xavfi saqlanib qolayotganini ma'lum qildi.

    Bu esa COVID-19 tufayli kasallanish va o'lim ko'rsatkichlarining keskin oshishiga olib keladi, dedi u Jenevada bo'lib o'tgan Jahon sog'liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida.

    JSST rahbari kovid bilan bog'liq global favqulodda vaziyatning tugagani ikki hafta oldin, ya'ni 5-may kuni e'lon qilinganini eslatib o'tdi.

    “COVID-19 bilan bog'liq global favqulodda holatning bekor qilingani sog'liqqa tahdid soladigan global xavf tugaganini anglatmaydi”, dedi Gebreyesus.

    Uning so'zlariga ko'ra, COVID-19 ning boshqa variantining yuzaga kelish xavfi saqlanib qolmoqda va u kasallanish va o'lim ko'rsatkichlarining oshishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, “yangi patogenning paydo bo'lishi yanada xavfliroq”.

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti rahbari dunyo mamlakatlarini sog'liqni saqlash sohasidagi yangi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko'rish sohasidagi ishlarni faollashtirishga chaqirdi, deb xabar beradi mir24.tv.