JSST Rossiyada koronavirus tufayli cheklovlarni qaytarishga ruxsat berdi

    Salomatlik 10 Iyul 2020 7005

    Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida, agar odamlar qoidalarga amal qilmasa, koronavirus tufayli mamlakat yana cheklov choralarini qoʻllashi mumkinligini istisno qilmadi.

    "Agar ijtimoiy masofaga eʼtibor berilmasa, raqamlarda oʻsish kuzatilsa va ahvol yomonlashsa, boshqa chora qolmaydi”, dedi Vuynovich qator mamlakatlarda boʻlgani kabi Rossiyada ham baʼzi cheklovlar qaytarilishi mumkinmi,degan savolga javob berar ekan.

    Uning soʻzlariga koʻra, cheklovlarning qaytarilishi ehtimoli dunyoda koronavirusga qarshi vaksina yoki dori-darmon topilmaguncha saqlanib qoladi.
    “Biz bunga tayyor boʻlishimiz kerak. Virus tarqalishini kutmasdan, oldinroq ehtiyot choralarini koʻrish lozim. Yongʻin kichik boʻlganda uni oʻchirish zarur”, dedi Vuynovich.

    Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada kuniga COVID-19 aniqlangan holatlar soni 6509 ga koʻpayib, umumiy 707 301 tani tashkil etmoqda. Eng koʻp holatlar Moskvada, bir kunda - 568 ta, Sankt-Peterburgda - 292 ta, Sverdlovsk viloyatida - 276 ta holat qayd etilgan.