22 Apr 2025
02:53

    JSST tomonidan meningitni tashxislash va davolash boʻyicha yoʻriqnoma eʼlon qilindi

    Meningit – bosh va orqa miyaning yalligʻlanishi hamda umumiy intoksikatsiya belgilari bilan kechadigan oʻta yuqumli kasallik.

    Hozirgacha uning baʼzi turlariga nisbatan samarali davo choralari, tashxis usullari va vaksinalar yaratilganiga qaramay, hamon bu patologiya insonlar salomatligi uchun jiddiy xavf boʻlib qolmoqda.

    Shundan kelib chiqib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti meningitni tashxislash, davolash va unga chalingan bemorlarni parvarishlash boʻyicha ilk global koʻrsatmalarini eʼlon qildi.

    Qayd etilishicha, 2019-yili dunyo boʻyicha bu xastalikka chalingan 2,5 million nafar bemor roʻyxatga olingan. Ulardan 1,6 million nafarida kasallikning eng xavfli turi – 24 soat ichida oʻlimga olib keluvchi bakterial meningit aniqlangan. Oqibatda 240 ming kishi hayotdan koʻz yumgan.

    JSSTning yangi koʻrsatmalari eng soʻnggi tadqiqot va dalillarga asoslangan. Qoʻllanma ushbu kasallik bilan bogʻliq oʻlim holatlari hamda nogironlikni kamaytirishga doir muhim tavsiyalarni oʻz ichiga oladi.

    Tashkilot bosh direktori doktor Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, bakterial meningitni yuqtirgan har olti bemordan biri halok boʻlayotgani achinarli. Omon qolgan aksariyat kishilar ham uzoq muddat kasallikning ogʻir asoratlaridan aziyat chekadi.

    Yangi yoʻriqnoma meningitni yuqtirgan bir oylikdan oshgan bolalar, oʻsmirlar va kattalarni klinik davolashga qaratilgan.

    Tavsiyalar tibbiy yordamning barcha jabhalarini qamrab oladi. U birlamchi va ikkilamchi tibbiyot muassasalari, jumladan, shoshilinch, statsionar va ambulatoriya yordamini koʻrsatuvchi mutaxassislar uchun moʻljallangan.

    Yoʻriqnoma JSSTga aʼzo davlatlar tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha meningitga barham berishga doir harakatlar rejasi maqsadlariga mosdir.

    U orqali bakterial meningit epidemiyasini bartaraf etish, xususan, emlash orqali kasallanish koʻrsatkichini 50 foizga va oʻlim holatlarini 70 foizga kamaytirish koʻzda tutilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech