JSST tuberkulyozdan oʻlim koʻrsatkichi oshgani boʻyicha izoh berdi

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, qariyb yigirma yillik pasayishdan so‘ng Yevropada yana sil kasalligidan o‘lim ko‘rsatkichlari oshgan.

    Xususan, 2021 yilda 27,3 ming kishi ushbu xastalik qurboniga aylangan. Bu undan avvalgi yilga nisbatan 3 mingta ko‘p ko‘rsatkichdir.

    Ekspertlar fikricha, bu — koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq omil. Chunki o‘sha davrda shifoxonalarning asosiy resurslari SOVID-19 diagnostikasi va muolajasiga yo‘naltirildi. Oqibatda silni tashxislash jarayoni bir muncha kechikdi.

    Qolaversa, 2021 yilda sil kasalligining rifampisin preparatiga chidamli turi 3 foiz o‘sishi kuzatilgan.

    Umuman, 2021 yili Yer yuzida 10,6 million nafarga yaqin kishi ushbu xastalikka chalingan. Bu 2020 yilga nisbatan 4,5 foizga ko‘pdir. Eng yomoni, tuberkulyoz oqibatida 1,6 million nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan.

    Eslatib o‘tamiz, sil erta bosqichda aniqlanmasa, bemor yil davomida 10-15 kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirishi mumkin. Shu sababli JSST 2035 yilgacha tuberkulyozdan o‘lim ko‘rsatkichlarini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.