Qayd etilishicha, OIV tashxisi qoʻyilgan bemorlar, homilador ayollar, tuberkulyozga chalinganlar bilan muloqotda boʻlgan odamlar, tibbiyot xodimlari, mahbuslar, mazkur kasallik keng tarqalgan malakatlardan kelgan muhojirlar hamda giyohvand moddalar isteʼmol qiluvchi kishilar yuqori xavf guruhiga mansub, deb hisoblanadi.
Ana shu qatlam sil kasalligini aniqlash boʻyicha tegishli tekshiruvlardan oʻtib turishi va tuberkulyozga qarshi profilaktik davolanish kursini olishi lozim.
Shuningdek, JSST koʻrsatmalarida yuqori texnologik diagnostika texnologiyalari cheklangan hududlar va sharoitda simptomlarga koʻra tashxislash usullari asosiy element boʻlib qolmoqda.
Shunga qaramay, tashkilot bemorlar guruhi va mavjud resurslarga koʻra, koʻkrak qafasi rentgenografiyasi hamda molekulyar diagnostika kabi ilgʻor tekshiruv usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Latent (yashirin) tuberkulyozni aniqlash uchun esa tuberkulin teri sinamalari (TST) yoki interferon-γ (IGRA) tahlilini qoʻllashni tavsiya qiladi.
Oʻz navbatida, ilgʻor tashxislash usuli — bolalar va immuniteti zaif odamlarda infeksiyani aniqlashda samarali boʻlgan Mycobacterium tuberculosis (TBST) antigeniga asoslangan teri sinamlari ham keltirib oʻtiladi.
Yangi koʻrsatmaning oʻziga xos jihati, unga qisqa muddatli profilaktik davolash kurslarining kiritilishi boʻldi. Chunki 6 yoki 9 oy davomida har kuni izoniazid preparatini qabul qilish uzoq yillar standart profilaktik muolaja kursi boʻlib keldi.
Ushbu sxema amaliyotda yaxshi natija berib kelayotgan boʻlsa-da, davomiylik uzoqligi koʻp hollarda bemorlar uchun qiyinchilik tugʻdirayotgani sir emas. Shu sababli JSST quyidagi muqobil davolanish kurslarini taklif qiladi. Xususan:
- 3 oy davomida haftalik rifapentin va izoniazid kursi (3HP);
- 4 oy davomida kunlik rifampitsin kursi;
- 1 oy davomida kunlik rifapentin va izoniazid kombinatsion kursi (1HP).
Tuberkulyozning koʻp miqdordagi dori-darmonlarga yoki rifampitsinga chidamli turiga moyil kishilar uchun 6 oy mobaynida har kuni levofloksatsin qabul qilish tavsiya etiladi.
JSST tavsiyalarini yuklab olish (ingliz tilida).