JSST: Yaqin orada COVID-19ning yanada yuqumli shtammlari paydo boʻlishi mumkin

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisobotiga koʻra, soʻnggi haftalarda dunyo boʻylab COVID-19 bilan kasallanish holatlari orta boshlagan.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, oʻsish dinamikasi asosan Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida qayd etilyapti. Infeksiya shu kunlarda Parij shahrida davom etayotgan yozgi Olimpiya oʻyinlarining 40 nafar ishtirokchisida ham aniqlangan.

    JSST vakili Mariya Van Kerxovening ogohlantirishicha, kelgusida xastalanish koʻrsatkichlari yanada ortishi va yaqin orada virusning hozirgidan ham yuqumliroq variantlari paydo boʻlishi xavfi mavjud.

    Bir necha hafta davomida SARS-CoV-2 tashxisi qoʻyilgan bemorlar soni 10 foizga koʻpaydi, — deydi ekspert. — Ayniqsa, Yevropada ushbu statistika 20 foizdan ortgan. Bu — 84 mamlakatda yoʻlga qoʻyilgan monitoring tizimimiz maʼlumotlari. Aslida, infeksiyaning real tarqalish koʻlami bir necha barobar koʻp boʻlishi mumkin.

    Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni koronavirusga qarshi emlash kampaniyalarini kuchaytirishga chaqirdi. Xususan, xavf guruhiga mansub aholi qatlami har 12 oyda bir marta tegishli vaksinalarni olishi tavsiya etilmoqda.

    Mariya Van Kerxovening xulosa qilishicha, ushbu profilaktik chora SOVID-19 ning xavfli variant va shtammlari paydo boʻlishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.