Aslida, COVID-19 epidemiyasi barchamiz uchun saboq boʻlishi kerak. Toʻgʻri, hozir koronavirus bilan kurashish tajribasiga egamiz. Ammo qurbonlar koʻp boʻldi va hozir ham kasallik minglab bemorlar oʻlimiga sabab boʻlmoqda.

Mutaxassislar fikricha, hademay boshqa patogenlar ham maydonga chiqishi mumkin. Atrof-muhitdagi oʻzgarishlar, ekologik muammolar hamda biologik qurollanish avj olishi muammo omili sifatida baholanyapti.

Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari “X” xastaligiga hozirdanoq tayyorgarlik boshlanishi kerak, degan fikrda. Chunki nomaʼlum virusning istalgan paytda paydo boʻlish xavfi mavjud. Birinchi taxminga koʻra, yangi infeksiya xuddi maymun chechagi yoki parranda grippi singari hayvonlarda uchrovchi viruslarning mutatsiyaga uchrashi oqibatida yuzaga keladi.

Yana bir ehtimol ham bor: “X” kasalligi allaqachon mavjud bakterial infeksiya boʻlishi ham mumkin. Negaki, olimlar soʻnggi vaqtlarda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshib borayotganidan jiddiy xavotirda. Har yili dunyo boʻyicha 5 million nafarga yaqin kishi ayni shu omil tufayli hayotdan koʻz yumayotgani buning tasdigʻi va koʻrsatkichlar yil sayin oʻsmoqda.

Xoʻsh, qanday yoʻl tutish maqsadga muvofiq?

JSST barcha potensial xavfli patogenlar uchun virusga qarshi preparatlarni hozirdan yarata boshlashni taklif qilmoqda. Klinik sinovlarga imkon qadar tezroq kirishilsa, epidemiya paytida sinovlarning ikkinchi bosqichi uchun ixtiyorimizda dorilar mavjud boʻladi.