Jurnalist ayollar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda

    Salomatlik 21 Dekabr 2023 583

    Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va zamonaviy mammografik tizim ishlab chiqaruvchisi boʻlgan mahalliy “TSMT” kompaniyasi hamkorligida maxsus aksiya eʼlon qilindi.

    Mazkur aksiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – “Koʻkrak bezi saratonining erta diagnostikasi” ijtimoiy loyihasi doirasida OAV va tashkilotlar axborot xizmatida faoliyat olib borayotgan jurnalist ayollarni bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.

    Joriy yilning 18-dekabridan 23-dekabrigacha davom etadigan ushbu aksiya ayollar onkologik kasalliklari orasida eng koʻp tarqalgan koʻkrak bezi saratonining oldini olishga qaratilgan.

    Ayni kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Markaziy poliklinikasida jurnalist ayollarni yuqori texnologik raqamli uskuna yordamida tekshiruvdan oʻtkazish davom etmoqda. Ularni Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi masʼul xodimi kutib olib, shifokor qabuliga yoʻllamoqda. Qayd etilgan maʼlumotlarga koʻra, bugunga qadar televideniye, radio, bosma OAV, internet nashrlari va axborot xizmatlarida ishlayotgan 50 nafarga yaqin ayol jurnalistlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

    – Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan jurnalist ayollarni bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish aksiyasi eʼlon qilinganidan xabar topib, tahririyatimizdagi ayol hamkasblarimiz bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Markaziy poliklinikasiga keldik, – deydi “Tong yulduzi” gazetasi boʻlim muharriri Ozoda Tursunboyeva. – Albatta, koʻplab kasalliklarning oldini olish va davolashda eng muhim omillardan biri, soʻzsiz, shu xastaliklarni erta aniqlash hisoblanadi. Afsuski, biz, ayollar har doim ham oʻz sogʻligimizga vaqt ajratolmaymiz. Ish va hayot tashvishlari bilan band boʻlamiz. Mana, bugun ijodiy jamoamiz ayollari bir-birimizga dalda boʻlib tibbiy koʻrikdan oʻtdik. Bizning soligʻimizga befarq boʻlmagan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga, oʻz vazifasini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildiramiz. Barcha hamkasb opa-singillarimizni tibbiy koʻrikdan oʻtishga chorlaymiz.