Unda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar vazifasi muhokama qilindi. Jurnalistlarning huquqiy madaniyati, burch va masʼuliyati xususida soʻz yuritildi. Ijtimoiy tarmoqlarda OAVlar bilan bogʻliq turli gap-soʻzlar tarqalayotganiga jim qarab turib boʻlmaydi, albatta, Jamoatchilik kengashi aʼzolari bunday noxolis fikrlarga tezkorlik bilan munosabat bildirishi kerakligi taʼkidlandi.

— Jurnalist bir qadam oldinda yurishi lozim,–dedi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov. — Menimcha ham jurnalistlar faoliyati bilan bogʻliq bahs-munozarali masalalarga Kengash tomonidan tezkor va adolatli munosabat bildirilishi kerak. Ammo ayni kunda olib borayotgan ishlarimizni qoniqarli deb boʻlmaydi.

Tadbirda jurnalistlarning bilim-koʻnikmalari, huquqiy savodxonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi aytildi. Tashkil etiladigan oʻquv kurslarini ham nazariy, ham amaliy bilimga ega boʻlgan tajribali ekspertlar olib borishlari maqsadga muvofiq boʻladi.

— Bilamiz, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning faollik darajasi oshgan. Aynan ular jamiyatdagi koʻpgina muammolarni olib chiqib, mutasaddilarning bunday holatlarga doimo eʼtiborli boʻlishi kerakligiga undamoqda. Ammo, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek ayrim bir telegram kanallar, saytlar orqali jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega, taniqli shaxslar haqida tasdiqlanmagan, yolgʻon axborot, maʼlumotlarning tarqalib ketishi oqibatida bir qator koʻngilsiz holatlar ham kuzatilib turibdi. Bizning Kengashimiz bunday tasdiqlanmagan axborotlar hujumiga qarshi oʻzimizning tahliliy maqolalarimiz bilan chiqishlar qilib, xalqni notoʻgʻri maʼlumotlar qurboni boʻlib qolishidan himoya qilishimiz muhimdir, — dedi Kasb etikasi boʻyicha jamoatchilik kengashi raisi K. Bahriyev.

Yigʻilish yakunida Kengash aʼzolari tomonidan OAVda uchrayotgan muammoli vaziyatlarga tahliliy maqolalar yozib, munosabat bildirish, hududlarda ham Kengash boʻlimlarini tuzish hamda har oy yakunida oʻrganilgan masalalar yuzasidan hisobot va taklif-tavsiyalar tayyorlab borishga kelishib olindi.

Islom ASILBEKOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.