“Baʼzan shunday boʻladiki, nimadir oʻqiging keladi, biroq uni chop etilgan kitoblardan topa olmaysan. Yozilgan kitoblarning aksariyati, hatto eng mashhur adiblar tomonidan bitilgani ham sen istagan narsani bera olmay qoladi, koʻnglingni toʻldirmaydi, nimadir yetishmay turadi. Koʻpincha samimiyatdan yiroq, sunʼiy bitiklarga duch kelasan.”
Jurnalist Rohat Qurbonovaning “Qiz qalbi” nomli kitobiga yozgan soʻzboshisini professor Jabbor Eshonqulov shunday boshlagan.
— Rohatoy Qurbonovaning “Qiz qalbi” asari bilan tanisharkanman, birinchi galda muallifning samimiyati eʼtiborimni tortdi. Muallif sizni ishontirish uchun chiranmaydi, siz ishonmagan turli voqealarni oʻylab topib gʻashingizga tegmaydi, soʻzbozlik qilmaydi, — deya davom etadi soʻzboshi muallifi.
Darhaqiqat, “Qiz qalbi”da qahramon hayotining maʼlum bir davri haqida hikoya qilinadi. Unga hayotiy voqea asos qilib olingan. Qisqa qilib aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma tushunaveradigan asarlardan biri.
Asar muallifi ikki oila misolida koʻplab insonlarning quvonchlari, oʻy-tashvishlari, iztiroblarini aks ettirishga hissa qoʻsha olgan.
Jabbor Eshonqul aytganidek, mazkur asarining chop etilishi koʻplab kitobxonlarni xursand qiladi.
Munojat Moʻminova