Ushbu maʼnaviyat xonasida jurnalistika sohasiga oid turli qoʻllanmalardan tashqari, uch yuz nomga yaqin olti yuz donadan ziyod turli adabiyotlar oʻrin olgan. Shuningdek, oʻttizdan koʻproq markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni bilan tanishishingiz mumkin, ularning elektron bazasi ham shakllantirilmoqda.
– Yaqinda mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Agar kimdir, maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb oʻylasa, xato qiladi”, deya juda toʻgʻri taʼkidladilar, – deydi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov. – Biz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ana shu yigʻilishda bildirgan bu kabi fikr-mulohazalari, bergan topshiriqlaridan kelib chiqqan holda ishni tashkil etishga harakat qilmoqdamiz. Ushbu maʼnaviyat xonasi ham ana shu ishlar doirasida ishga tushirildi.
Kezi kelganda shuni aytishim kerak, ayni paytda har kuni uyushmamizga turli masala boʻyicha kamida toʻrt-besh nafar sohamiz vakillari tashrif buyuradi. Yurtboshimizning tegishli qarori ijrosi doirasida uyushmamiz ishining jonlanishi, tashkilotimizga aʼzolikning tiklanishi, uyushmamiz qoshidagi kengashlar faoliyatining rivojlanishi, qolaversa, mazkur maʼnaviyat xonamizning ochilishi bu yerga kelib-ketuvchilar soni yana-da koʻpayishiga xizmat qiladi, deb oʻylayman.
X. Salimovga koʻra, joriy yil mobaynida mazkur ziyo maskani kengaytiriladi – bitta katta xonada minglab kitob fondiga ega uyushma kutubxonasi tashkil etilsa, yana bir shunday xonaga markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni taxlami joylashtiriladi. Ularning oʻrtasidagi xona esa oʻquv zali boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, barcha jurnalistlarimiz uchun eshiklari keng ochiq uyushmamizda vaqtni samarali va foydali oʻtkazish, maʼnaviy ozuqa olish uchun yaratilayotgan qulayliklar kengayib boraveradi.
Uyushmaning faoliyat boshlagan kutubxonasi javonidan oʻrin olgan kitoblar bilan tanishar ekanman, bu yerda har bir ijodkor uchun muhim boʻlgan kitoblarga koʻzim tushdi. Ular orasida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan nashrga tayyorlanib chop etilgan jurnalistika sohasiga oid oʻn jildli kitob, Saydi Umirov, Saʼdulla Hakimov, Ibrohim Normatov, Qurbon Eshmatov kabi marhum ustozlar, shuningdek, Farida Usmonova, Jabbor Rozzoqov, Abdusamad Isoqov, Sherzod Gʻulomov, Muhammadjon Obidov singari soha faxriy va faollarining asarlarini koʻrish mumkin. Harbiy, internet, sport, huquqiy jurnalistika kabi soha yoʻnalishlariga doir qoʻllanma va maʼnaviyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan bir-biridan qiziq badiiy adabiyotlarning jamlangani eʼtiborga molik.
–Uyushma oʻz kutubxonasini tashkil etayapti, degan gapni eshitib, toʻgʻrisi juda xursand boʻldim, – deydi faxriy jurnalist Jabbor Rozzoqov. – Bu – xayrli ish. Kutubxonaga oʻzimning “Vatan qadri”, “Umr bir qoʻshiq” nomli asarlarimni tuhfa qildim. Tadbirda qatnashgan Zulfiya Moʻminova, Iskandar Rahmon, Islom Usmonov kabi ijodkorlar oʻz kitoblaridan uyushmaga tuhfa qilgani dan suyundim.
Aytishlaricha, mazkur maʼnaviyat xonasi kutubxonasi uchun bir dona ham kitob boʻlmagan. Tashabbus bilan chiqilganidan soʻng ziyolilar, tegishli tashkilotlar rahbarlari uyushmaga oʻnlab adabiyotlarni sovgʻa qilgan. Shu tariqa, oltiyuzdan ortiq kitoblar yigʻilgan, bu raqam oshib bormoqda.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xadjayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majidov uyushmaga oʻz tashkilotlari nomidan uch yuzga yaqin turli adabiyotlarni topshirdi.