Kabinaga berkitilgan giyohvandlik vositalari fosh boʻldi

    Giyohvandlik vositalarining kontrabandasini oldini olish va unga chek qoʻyish maqsadida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi va DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida nazorat tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda Surxondaryo Bojxona boshqarmasi xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tadbirlar doirasida shu yilning 3-iyul kuni tungi soat 22:40 larda "Ayritom" chegara bojxona postining "kirish" avtopoviloniga kirib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda tekshirildi.

    Tekshiruvlar chogʻida, avtotransport vositasi kabinasidagi xufiya joyga berkitilgan 7 ta sariq rangli skoch bilan oʻralgan oʻramlar borligi maʼlum boʻldi. Shundan soʻng, ushbu oʻramlar ochilib, maxsus elektron tarozida oʻlchab koʻrilganda 3 ta oʻramda jami ogʻirligi 3kg. boʻlgan "opiy" va 4 ta oʻramda ogʻirligi 4kg. 950 gr. boʻlgan "gashish" giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.

    Hozirda, ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.