Kadastr agentligi direktori Farrux Poʻlatov vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar”ning har qanday soʻzlari va vaʼdalariga ishonmaslikka chaqirdi, deya xabar beradi Kadastr agentligi matbuot xizmati.
Unda fuqarolar vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar”dan “ogoh” boʻlishga chaqirilgan. Quyida murojaat bilan tanishishingiz mumkin.
"Qonun kuchga kirish sanasida sizga murojaat qilishimdan maqsad “ogohlikka” chaqirishdir!
Uzoq yillar davomida oʻzi yashab kelayotgan uyini rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan halol insonlar koʻp ammo, vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar” ham yoʻq emas.
Sizlarni bunday nopok kimsalarning har qanday soʻzlari va vaʼdalariga ishonmaslikka chaqiraman!
Birinchidan, mahallalar aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida xatlovdan oʻtkaziladi. Biri qolib ikkinchisiga oʻtilmaydi, yaʼni xalq tili bilan aytganda “tezlashtirib berishning imkoni yoʻq!”.
Ikkinchidan, xatlovdan keyin “EʼTIROF” dasturiga kiritilgan har bir holat boʻyicha 15 dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi. Xalq tili bilan aytganda “ilojini qilib oʻtkazib boʻlmaydi!”.
Uchinchidan, xatlov jarayonida qonun bilan aniq belgilab berilgan 8 ta toifaga kiruvchi holatlar oʻrganiladi. Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlar javobgarlikka tortiladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Xalq tili bilan aytganda, “tanish-bilish oʻtmaydi!”.
Hurmatli yurtdoshlar, har qanday holatda ham firibgarlik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelsangiz huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering.
Mazkur Qonunning adolatli va samarali ijro etilishi barchamizga birdek bogʻliq ekanligini yoddan chiqarmaylik", deya aholiga murojaat qiladi Agentlik direktori Farrux Poʻlatov.