Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan muhandis va soxta kadastr xodimi ushlandi

    Surxondaryoda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tuman boʻlimi tomonidan uy-joy kadastri boʻyicha noqonuniy holatlarni aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Kadastrlar palatasi Denov tumani filiali muhandisi O‘.N. fuqaro А.N.ning ishonchiga kirib, uning akasiga tegishli uy-joyning kadastr hujjatlarini 2 000 AQSH dollari evaziga rasmiylashtirib berishini aytib, 1 800 AQSH dollari va 2,5 mln soʻmni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda oʻzini goʻyoki Qumqoʻrgʻon tumani kadastr boʻlimi xodimi sifatida tanishtirgan fuqaro F.B. fuqaro Х.P.ning ishonchiga kirib, uning Qumqoʻrgʻon tumani "Mexrabod" mahallasida joylashgan uy-joying kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga 11 mln soʻmni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.