2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi instituti joriy etildi (05.04.2019-yildagi PQ-4270-son qaror va 07.12.2020-yildagi PQ-4913-son qaror).
Tajriba-sinov doirasida malaka shahodatnomasiga ega koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandislariga koʻchmas mulk obyektlariga birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash huquqi beriladi. Bunda uni tayyorlash jarayoni maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi hamda Kadastr agentligi tomonidan monitoringi olib boriladi.
Koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi oʻz faoliyatini yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzish orqali yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshiradi.
Koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida joriy etiladi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.
Ayrim NHHlarga quyidagilarga taalluqli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi:
- kadastr muhandisi faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan mutaxassislik yoʻnalishlarini kengaytirish;
- kadastr muhandislari tomonidan shahodatnoma olish uchun ariza topshirishdan malaka imtihonigacha boʻlgan vaqtni qisqartirish;
- malaka imtihonini topshirish vaqtini uzaytirish;
- koʻp yillik dov-daraxtlarga kadastr yigʻmajildini tayyorlash muddatini belgilash.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 24-avgustdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.