Mamlakatimizda energiya tejamkorligini oshirish maqsadida muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko'lami kengayib boryapti. Davlat tashkilotlari, aholi xonadonlariga quyosh panellari o'rnatilib, ham energiya, ham ortiqcha sarf-xarajat tejalmoqda.
Kadastr agentligi "Geoinnovatsiya markazi" davlat unitar korxonasi mutaxassislari 2023-yil fevral oyida Xitoy Xalq Respublikasining LONGi korxonasi bilan 600 kilovattli quyosh panellari yetkazib berish bo'yicha shartnoma imzolagandi. Quyosh panellari O'zbekistonga etib kelishi bilanoq Davlat kadastrlari palatasi binolari uning hududiy boshqarma va filiallari binolariga uskunalarni o'rnatilish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, energiya tejovchi manbalardan samarali foydalanish maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Markaziy apparati ma'muriy binosining tom qismiga 1 458 metr kvadrat maydonda har biri 550 vattni tashkil qiluvchi jami 60 kilovattli quyosh panellari o'rnatildi.
Tashkilotning hudularidagi binolarini quyosh panellari bilan ta'minlash ishlari joriy yil aprel oyidan boshlangan bo'lib, hozirda Andijon va Namangan viloyat boshqarmalarida o'rnatildi va to'liq ishga tushirildi. Farg'ona viloyat boshqarmasida esa uskunalarni o'rnatish ishlari davom etmoqda. Bu jarayon hozirda barcha hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.
Quyosh panellarining o'ziga xos xususiyati shundaki, u ikki tomonlama quvvatlanuvchi Monokristal panel bo'lib, to'g'ridan to'g'ri quyosh nuri tushmagan holatda va bulutli kunda ham yorug'likni o'zida ishlay oladi. Quyosh panellari maxsus komp'yuter dasturida loyihalashtirilib, joyning geografik koordinatlari, bino va tom konstruksiyasi inobatga olingan holda, har bir obyektga individual yondashib o'rnatiladi.
Joriy yil yakuniga qadar Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari hamda tuman, shahar filiallari binolarida quyosh panellari to'liq o'rnatilib ishga tushirilishi rejalashtirilgan, — deydi palata raisi Mohir Valiyev. — Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmalari va filiallaridagi sarflanadigan elektr quvvati xajmini o'rganadigan bo'lsak, bir oyda 617 624,8 kVt bo'lib, bir yilda bu ko'rsatkich 7 467 130,6 kVt ni tashkil qilmoqda.
Bugunga qadar Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmalari ma'muriy binosiga 73 ta quyosh paneli o'rnatilgan bo'lsa, Andijon viloyatidagi boshqarma binosi tom qismiga har biri 550 vatt elektr quvvatini beruvchi 30 kilovattlik quyosh panellari o'rnatildi. Bu jarayonlar boshqa hududlarda ham davom etmoqda.