Kadrlar salohiyatini yuksaltirish - islohotlar

    Agrosektor 24 Noyabr 2020 2562

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan joriy yilning 20-21-noyabr kunlari hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan ishlash mutaxassislari uchun Respublikamizda kadrlar siyosati, davlat xizmatida olib borilayotgan yangiliklar va islohotlar, ochiq mustaqil tanlov jarayonlarini butun qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimiga joriy etish maqsadida oʻquv-trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.

    Mazkur oʻquv-treningda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Agrosanoat majmui xodimlari, kasaba uyushmasi Respublika kengashining malakali mutaxassislari ishtirok etdi. Mutaxassislar tomondan bugungi kunda dolzarb boʻlgan tanlov jarayonlarining yana-da shaffofligini taʼminlash, xodimlarning maʼlumotlarini yagona milliy mehnat tizimi dasturiga kiritish, mehnat munosabatlari kabi mavzularda ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berishdi.

    Oʻquv-trening dasturi mavzulari ishtirokchilar talab va ehtiyojlari “TNA” tahlilidan kelib chiqqan holda tuzilgan boʻlib, “Soft skills” yoʻnalishi boʻyicha “Stressga chidamlilik” mavzusida amaliy trening mashgʻuloti ham oʻtkazildi.

    Oʻquv-trening savol-javoblar, ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, ishtirokchilar barcha yoʻnalishlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi. Mashgʻulotlarning “ZOOM” dasturi orqali xam olib borilishi barcha tumanlardagi kadrlar buyicha mutaxassislarining bevosita ishtirokini taʼminladi.

    Maʼlumot uchun shuni aytish lozimki, hozirda vazirlik tizimiga 24 nafar xodim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filiallari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilindi. Jumladan, vazirlikning markaziy apparati, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarkand viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmalarida dastlabki ochiq tanlov jarayonlari oʻtkazildi. Shuningdek, bugungi kunda 17 ta vakant lavozimlar boʻyicha ochiq tanlov oʻtkazish uchun eʼlonlar berilgan. Hozirda tanlov jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmokda.

    Ushbu oʻquv-trening davomida xodimlar bilan ishlash yoʻnalishining kelgusidagi strategik rejalari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur anglay oladigan malakali kadrlarni tarkibini shakllantirish, ularni oʻqitish va malakasini oshirishni tizimli tashkil etish yoʻnalishlaridagi vazifalar ham belgilab olindi. Oʻquv trening yakunida yoʻnalishda samarali mehnat kilayotgan, tashabbuskor va faol xodimlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi xamda ishtirokchilar “Muqimiy” nomidagi oʻzbek musiqali drama teatriga tashrif buyurib, madaniy xordiq chiqarishdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati