31-dekabr soat 17:30 larda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Bashir” MFY Aliqushchi qishlogʻida yashovchi 16 yoshli Bunyod 17 yoshli qishloqdoshi Sunnat bilan koʻchada oʻzaro tortishib qolib, unga “Nega men kaklik ushlash uchun qoʻygan qopqonimni olib qoʻyding”-deb oʻzaro janjallashib qolgan.
Sunnat qishloqdoshi Bunyodni yerga yiqitib, uning ustiga chiqib olib urayotgan vaqtida, Bunyod shimining choʻntagida boʻlgan pichoqni (korcha) Sunnatning oʻng koʻkrak qafasiga bir marta va chap koʻkrak qafasiga ikki marta sanchib olib ogʻir tan jarohati yetkazgan.
Kitob tumani Tibbiyot birlashmasining maʼlumotnomasi buni tasdiqlagan.
Mazkur holat yuzasida tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan voyaga yetmagan Bunyodga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida Bunyod gumonlanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.