Tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot kotibi bilan suhbatda shu xususda maʼlumot berdi:
— Inson salomatligi uchun organizmda vitamin va mineral moddalar yetarli miqdorda boʻlishi zarur. Aks holda tanada salbiy oʻzgarishlar kuzatilib, jiddiy asoratlar kelib chiqishi mumkin. Kalsiy ana shunday element. U nerv tomirlarida impuls oʻtkazuvchanligini, mushaklar qisqarishini boshqarishda ishtirok etadi va qon ivish tizimining asosiy komponenti hisoblanadi.
Soʻnggi vaqtlarda dunyoda koronavirusning ogʻir shakli bilan kasallanib sogʻaygan aksariyat bemorlarda tayanch-harakat tizimi xastaliklari koʻp uchrayapti. Bunga esa aynan kalsiy yetishmasligi sabab sifatida koʻrsatilmoqda. Shu bois mutaxassislar COVID-19ga qarshi toʻliq bosqichlarda va buster doza bilan emlanishni tavsiya etadi. Sababi oʻz vaqtida vaksina olish yuqoridagi kabi jiddiy asoratlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Aslida ushbu moddaning kamligi bilan tanada boshqa metobolik jarayonlar ham izdan chiqadi. Suyaklar, tishlar, soch va tirnoqlar holatiga salbiy taʼsir etadi. Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari rivojlanadi, immunitet zaiflashadi.
Shuningdek, asabiylik va fikr tarqoqligi, koʻp terlash, tanada tez-tez titroq, tez charchash, mushaklar tortishishi, qabziyat, tirnoqlarda oq dogʻlar paydo boʻlishi, yurak urishining buzilishi, tez-tez va kuchli bosh aylanishi, mushak, boʻgʻim va suyaklarda ogʻriqlar kuzatiladi.
Qolaversa, bolalarda oʻsishning sekinlashuvi ham aynan kalsiy yetishmovchiligi bilan bogʻliq. Ayniqsa, bu holat homiladorlik asoratlari xavfini oshiradi. Shu sababli JSST boʻlgʻusi onalarga ushbu elementni qoʻshimcha ravishda qabul qilishni tavsiya etadi.









