Kaluga viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 28 Avgust 2021 607

    Toshkent shahar hokimligida hokim oʻrinbosari Sharof Rahmonovning Rossiya Federatsiyasining Kaluga viloyati Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazi rahbari Lyudmila Dmitriyeva boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir doirasida Lyudmila Dmitriyeva Oʻzbekiston ular uchun eksportchi mamlakatlar uchtaligiga kirishini va hamkorlik uchun ustuvor ahamiyatni kasb etishini taʼkidladi. Bir necha yillardan beri davom etib kelayotgan ushbu hamkorlik vaqt sinovidan oʻtgan, Oʻzbekiston – ishonchli hamkor. U oʻzaro iqtisodiy aloqalarimiz, ayniqsa, tibbiyot va metall inshootlari yoʻnalishidagi hamkorlik istiqbolli boʻlishiga umid bildirdi. 2019-yilda Kaluga delegatsiya oʻxshash biznes maqsadlarida kelganligi, tashrif davomida ilk monolit koʻprik qurilishi uchun texnikani yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolanganini aytib oʻtdi.

    Shuningdek, Lyudmila Dmitriyeva Oʻzbekistonni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillikning 30 yilligi bilan tabriklab, mamlakatimizga farovonlik va oʻzaro iqtisodiy aloqalarimizga yanada rivojlanish tiladi.

    RF mintaqalaridan tashriflarni tashkillashtiruvchi “Ekspo-kontrakt” kompaniyasining rahbari Georgiy Kvarsning fikri ham qiziqarli. Kvarsning fikricha, Oʻzbekiston noxomashyoviy va noenergetik eksport uchun istiqbolli boʻlgan mamlakatlar reytingida birinchi oʻrinni egallaydi.

    Tadbirning rasmiy qismi yakunidan soʻng, Kalugadan kelgan mehmonlar toshkentlik tadbirkorlar va davlat organlari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.