Shu kunlarda nafaqat mashina haydovchisi, balki uning yonidagi o'rindiqda o'tirgan yo'lovchi ham xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jazoga tortilishi muhokamalarga sabab bo'lyapti. Bu talab bajarilmagan hollarda BHMning 50 foizi, ya'ni 165 ming so'm miqdorida jarimaga tortish ham boshlab yuborildi, degan xabarlar tarqalgan.
Chunki IIV Yo'l harakati xavfsizligi jamoat xavfsizligi departamenti yo'l harakati xavfsizligi xizmati tayyorlagan videorolikda yo'lovchi ham jarimaga tortiladi, degan ma'no anglashilgani omma orasida tushunmovchiliklarga sabab bo'lyapti.
Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti yo'l harakati xavfsizligi xizmati ma'lum qilishicha, haydovchilarning mashinani boshqarish va yo'lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 125-moddasi birinchi qismiga ko'ra, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.
Ya'ni, mashina boshqarayotgan haydovchi va old o'rindiqdagi yo'lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart, biroq haydovchi yonidagi yo'lovchi kamar taqmaganda unga jarima qo'llanilmaydi.
Bu tushunmovchiliklar yuzasidan IIV Yo'l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari, podpolkovnik Azizxon Murodov quyidagilarni ma'lum qildi: mashina haydovchisi yonidagi yo'lovchi xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortilmaydi. Lekin mavjud qonunchilik talabalariga ko'ra, xususan, Yo'l harakati qoidalarining 11-bandiga ko'ra, haydovchi mashinada harakatlanishni boshlashdan oldin yo'lovchilarni xavfsizlik kamarini taqish haqida ogohlantirishga majbur.