Kambagʻal oilalarni qachon “temir daftar”dan oʻchirish mumkin?

    Fikr 31 Iyul 2020 4822

    Oʻzbekistonda odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas va kambagʻalligi uzoq yillar “yopiq mavzu” boʻlib keldi.

    Lekin davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining nochor qismiga koʻmak berish maqsadida kompleks va hududiy dasturlar ishlab chiqildi. Bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

    Karantin cheklovlari tufayli ish oʻrinlari yaratish, xususan, kambagʻallikka qarshi kurashish oson kechmayapti. Shu bois, pandemiyaning taʼsirini yumshatish maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yoʻlga qoʻyildi.

    Mazkur harakat doirasida viloyatimizda 79 ming muhtoj oilaga koʻmak berilgani nochor oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning koʻlamini yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Umuman, oʻrganishlar davomida, viloyatimizda 47 ming 770 ta kambagʻal oila mavjudligi aniqlangan. Ularning 221 ming 192 nafar aʼzosi “temir daftar”ga kiritilgan. Jumladan, Urgut tumanida 6796 ta, Samarqand shahrida 5613 ta, Past Dargʻom tumanida 4596 ta, Kattaqoʻrgʻon tumanida 3556 ta, Payariq tumanida 3472 ta, Paxtachi tumanida 2766 ta, Ishtixon tumanida 2515 ta, Samarqand tumanida 2245 ta, Jomboy va Narpay tumanlarida 2170 tadan, Toyloq tumanida 2166 ta, Bulungʻur tumanida 2106 ta, Qoʻshrabot tumanida 1964 ta, Nurobod tumanida 1893 ta, Oqdaryo tumanida 1845 ta, Kattaqoʻrgʻon shahrida 1053 ta shunday oila roʻyxatga olindi. Bu oilalarga “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 24,6 milliard soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.

    Bugungi kunda “Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari”da 571 nafar tadbirkorlar, koʻngilli hamda volontyorlardan iborat ishchi guruhlar shakllantirilgan. Ular yordamida 19 ming 747 ta kam taʼminlangan ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashish choralari koʻrilmokda. Qayd etish lozimki, oʻtgan davrda markazlarga 2978 ta murojaat tushdi. Lekin mavjud maʼlumot va imkoniyatlardan kelib chiqib koʻproq, yaʼni 18 ming 538 nafar fuqaroga yordam koʻrsatildi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, 3,3 tonna oʻsimlik yogʻi, 23,3 tonna un, 2,11 tonna shakar, 3,7 tonna makaron, 0,5 tonna goʻsht, 0,6 tonna tovuq goʻshti, 6 tonna kartoshka, 9,7 tonna piyoz, 3,7 tonna sabzi, 2,3 tonna guruch, 0,3 tonna quruq choy, 1052 quti tuxum, 20 ming 410 ta niqob, 8450 ta qoʻlqop tarqatildi.

    “Temir daftar”ga kiritilgan 60 ming 882 nafar mehnatga layoqatli, lekin ishsiz fuqarolardan 42 ming 583 nafarining bandligi taʼminlandi. Jumladan, 329 kishi oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik yoʻnalishida ish bilan taʼminlangan boʻlsa, 16 ming 424 kishi oʻzini oʻzi band qilish va jamoatchilik ishlariga jalb qilindi. Shuningdek, 11 ming 411 kishi qishloq xoʻjaligi, 14 ming 419 kishi qurilish va boshqa sohalarda ishga joylashtirildi.

    Shahar va tumanlar kesimida olib qaraganda Samarqand shahrida 464 ta, Urgut tumanida 481 ta, Past Dargʻom tumanida 378 ta, Bulungʻur tumanida 307 ta, Jomboy tumanida 263 ta, Kattaqoʻrgʻon tumanida 202 ta, Qoʻshrabot tumanida 191 ta oila doimiy ish bilan taʼminlandi.

    Bu boradagi koʻrsatkich Paxtachi tumanida 164 ta, Samarqand va Toyloq tumanlarida 151 va 152 ta, Narpay tumanida 115 ta, Oqdaryo tumanida 122 ta, Nurobod tumanida 98 ta, Payariq tumanida 66 ta, Kattaqoʻrgʻon shahrida 58 tani tashkil qilmoqda.

    Shuningdek, kambagʻal oilalarning 747 nafari tadbirkorlik orqali band qilindi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak”.

    Mazkur talab asosida olib borilgan ishlar natijasida mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan 6693 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha takliflar berildi.

    Shu oʻrinda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tarqatilishi belgilanganligi ham bu boradagi ishlarning ahamiyatini yana-da oshirishi shubhasiz. Negaki, buning uchun Inqirozga qa rshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 150 milliard, shu jumladan, viloyatimizga 10 milliard soʻm ajratilgani muhtoj oilalar uchun yaxshigina koʻmak boʻladi.

    Albatta, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qilinayotgan ishlar shu bilan yakunlanmaydi. Bu borada iyul-sentyabr va oktyabr-dekabr oylari uchun alohida vazifalar belgilab olingan.

    Xususan, ushbu yoʻnalishda monomarkazlar va kasbga oʻqitishga moʻljallangan muassasalarni bosqichma-bosqich tashkil etishni amalga oshirish dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga muvofiq, sentyabr oyida Samarqand shahar yengil sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji oʻquv ishlab chiqarish bazasida “Ishga marhamat” monomarkazi, Samarqand tumani Gulobod ijtimoiy-iktisodiy kollejining oʻquv ishlab chiqarish bazasida “Samarqand tumani kasb-hunarga oʻqitish markazi”, shuningdek, viloyatning 14 ta tuman (shahar)larida “Kasb-hunarga oʻqitish maskani” tashkil etilishi belgilangan.

    Bugungi kunda mahallalarda dizayn, pazandachilik, tikuvchilik va boshqa kasblarga hamda xorijiy tillarga oʻqitish kurslarida ishtirok etuvchi 1567 nafar talabgorlarning roʻyxati shakllantirilgan.

    Asqar Umarov,

    Samarqand viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi