Mamlakatimizda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida “Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlikni qisqartirishdagi dolzarb vazifalari: muammolar va ularni hal qilish yoʻllari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyev, BMT tomonidan har biri aniq va manzilli vazifalarni oʻz ichiga olgan “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari” qabul qilingani va uning Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”dagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan birida belgilangan, aholi bandligini taʼminlash va real daromadlarini, xarid qobiliyatini oshirish, kam taʼminlangan oilalar sonini va aholining daromadlari boʻyicha farqlanish darajasini yana-da kamaytirish orqali - kambagʻallikni qisqartirish maqsadlariga hamohangligini qayd etib oʻtdi.
Maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash borasida tizimli ishlari amalga oshirib kelinayotgani natijasida kambagʻallik bugun 12,8 foizdan 11,4 foizga qisqargan.
Birgina, pandemiya sharoitida aholining muhtoj qatlamini moddiy, nomoddiy qoʻllab-quvvatlashni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida vazirlik va idoralar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ehtiyojmand oilalar roʻyxatlari shakllantirilib Barqaror rivojlanish maqsadlari va uning bosh maqsadi kambagʻallikni qisqartirishdagi dolzarb vazifalarni taʼminlash boʻyicha faol ish olib borilayotganini taʼkidlandi.
Tadbirda Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, aholining kam taʼminlanganligiga barham berish boʻyicha dasturlar va strategiyalarni amalga oshirish uchun resurslarni safarbar etish holati va istiqbollari, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimi manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, koʻrsatilayotgan ijtimoiy himoya xizmatlari sifatini oshirish va boshqa mavzular boʻyicha muhokamalar oʻtkazildi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.