Bu yo‘nalish mamlakatimizda 2020-yilda boshlangan edi. O‘shanda 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmasdi. O‘tgan yillarda 3,5 million odamni daromadli qilish orqali 2023-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11 foizga tushdi.
Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra kengaytirilib, o‘tgan yili 12,3 trillion so‘m yo‘naltirildi. Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar ko‘paytirildi.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion so‘m arzon kredit, 7 trillion so‘m subsidiya berildi. Mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trillion so‘m ajratildi. Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun tarqatildi.
Yana bir misol – 2020-yildan buyon 3 milliondan 5 million so‘mgacha oylik oladigan ishchilar 2 barobar, 5 milliondan 7 million so‘mgacha oluvchilar esa 3 barobar oshdi. Bularning natijasida kambag‘allik darajasi yiliga o‘rtacha 3 foizga kamayib borayapti.
Lekin, bu boradagi ishlar hamma viloyat va tumanda ham bir xil emas. Masalan, o‘tgan olti oyda Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida o‘zgarish bo‘lmagan. 15 ta tumanda kambag‘allik 20 foizdan yuqori.
16 ta tumanda aholiga bo‘lib berilgan yerlarda 2-3 martadan hosil olingani hisobiga kambag‘allik 2 karra kamaygan. Lekin 14 ta tumanda o‘zgarish sezilmayapti.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kambag‘allikni faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun kambag‘al oila a’zorlarini o‘qitish, kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash muhim.
Bugungi kunda korxonalarda 250 mingta vakant bor. Lekin, kambag‘al oilalarning 35 foiz ishga layoqatli a’zolarida bilim va ko‘nikma kam. Yana ayrimlari surunkali kasalliklar tufayli tayinli ishlay olmayapti. Kambag‘al oilalarning 83 foizida tomorqa bor, lekin suv, elektr va yo‘l bilan bog‘liq muammolar qiyinchilik tug‘dirayapti.
Yig‘ilishda shu kabi masalalar atroflicha tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillar uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida O‘zbekistonni navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hokimliklar bilan birga bu yil har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, “kambag‘al oilalar portreti”ni ishlab chiqadi. Kambag‘al oila bo‘yicha individual dastur bo‘ladi. Iqtisodiy kompleks oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Bunda eng katta mas’uliyat tuman hokimlari va sektor rahbarlari zimmasida bo‘ladi.
Odamlarning ishi yurishishi mahallalardagi sharoitga ham bog‘liq. Shu bois kelasi yili mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi. Buning bir qismi, avvalo, eng og‘ir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi. Yana 500 ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.
Bugun yurtimizda kamida 50 ta ish o‘rni yaratgan 9 ming 200 ga yaqin tadbirkor bor. Ularning rejalari qo‘llab-quvvatlansa, faoliyatini kengaytirib, yana ishchi olishi mumkin.
Masalan, Andijon viloyatidagi 58 ta parranda korxonasi tuxum yetishtirishga 10 ming ehtiyojmand aholini jalb qilish, 660 ta baliq xo‘jaligi kooperatsiya orqali yana shuncha ish joyi yaratish tashabbusini bildirgan.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim qilish va boshqa hududlarda ham kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Ikki yil avval Prezident farmoni bilan umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlarga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi. Buning natijasida qator korxonalar Toshkent, Samarqand va Andijonda 2 ming odamni ishli qildi. Shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, tadbirkorlar yana o‘n minglab ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.
Sanoatda eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan tarmoq – to‘qimachilik. Bu soha tadbirkorlari ham ikki yil avval tayyor trikotaj, bo‘yalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni so‘ragan.
Aholi bandligidagi ahamiyatini inobatga olib, mutasaddilarga bu sohalarga imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Agar korxonalar kambag‘al aholini band qilsa, o‘sha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi. Ushbu imtiyoz nafaqat to‘qimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi. Bu orqali to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi, oziq-ovqat, chorvachilik va qurilish tarmoqlarida yuz minglab kambag‘al aholini ishli qilish mumkin.
O‘tgan yillarda 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchlilik uchun ajratilgan edi. Endi yana 50 ming gektar yer 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib berilishi aytildi.
Ushbu yerlarda “kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etiladi. Bunda, Xitoy tajribasi asosida, yerdan uch xil daromad oladigan tizim qilinadi:
1) qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambag‘al oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi.
2) yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular o‘rtasida taqsimlanadi.
3) har ikki holatda ham ushbu aholi yerda o‘zi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.
Ya’ni, kambag‘al oila o‘ziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad ko‘radi. Kompaniya esa bir konturda bir mahsulot yetishtirib, sifat va tannarxdan yutadi.
Bandlik loyihalarini amalga oshirishda mikromoliya xizmatlari ham muhim va bu boradagi imkoniyatlar kengaymoqda.
Endi 2024-2025-yillarda odamlar o‘zini o‘zi band qilishi, kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trillion so‘m beriladi. Shuningdek, kambag‘al oilalarga 30 million so‘mgacha uskuna, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalar 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Kambag‘al oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5 yilga 2 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratiladi.
Savdo-sanoat palatasi huzurida tadbirkorlarga ishchi topib, ularni tayyorlab beradigan markaz tashkil qilinadi. Kambag‘al oila a’zolariga korxona talabiga mos ko‘nikmalar o‘rgatilib, ishga joylashtiriladi.
Har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasida oliy ma’lumotlilar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun ular foizsiz ta’lim kreditlari, grantlar va boshqa moliyaviy yordamlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Umuman, davlatimiz rahbari bu maqsad juda keng ko‘lamli ekani, unga barcha hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladi.
– Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak. Bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari, viloyat va tuman hokimlari axborot berdi. Kambag‘al oilalar uchun ajratilayotgan mablag‘larning manzilliligi va samaradorligini oshirish, mas’ullarning bu boradagi ishlarini muhokama qilib, muammolarni hal etib borish yuzasidan vazifalar belgilandi.