Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Xitoy tajribasini oʻrganmoqda

    Ishchi guruh Fuping okguridagi Luotovan va Guszyatay qishloqlariga bordi, ushbu qishloqlarda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

    Ayni paytda Oʻzbekiston Hukumati delegatsiyasi tarkibida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev rahbarligidagi vazirlik ishchi guruhi Xitoy Xalq respublikasida boʻlib turibdi.

    Dunyodagi yirik mamlakatlardan biri aholisining oʻzini oʻzi band qilish borasidagi yutuqlari, mahalliy ishlab chiqarish texnologiyalari va kasanachilik tajribalari oʻrganilmoqda.

    Ishchi guruh Xitoy davlatining turli provinsiyalari olis va yaqin hududlarida istiqomat qiluvchi aholi punktlarida kambagʻallikka barham berish borasidagi tajribalar bilan yaqindan tanishmoqda.

    Xususan, safarning ilk kunida vazir boshchiligida ishchi guruh Xebey provinsiyasining Baodin shahrida boʻldi.

    Delegatsiya aʼzolariga ushbu shaharning Qishloq tumanlarini rivojlantirish milliy byurosi boshligʻining oʻrinbosari Szyan Tyanbao, Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha xalqaro Xitoy markazi direktori oʻrinbosari Li Sin va Baodin shahrining Qishloq tumanlarini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Shi Vey hamrohlik qildi.

    Ishchi guruh Fuping okguridagi Luotovan va Guszyatay qishloqlariga bordi, ushbu qishloqlarda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

    Albatta bu tajriba almashinuvi kelgusida yurtimizda ham zarur ish oʻrinlarini koʻpaytirib, aholining munosib daromad koʻrishiga va shu orqali xalqimizning turmush tarzini farovonlashtirishga xizmat qiladi.

    Eslatib oʻtamiz, mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholining oʻzini oʻzi band qilish borasidagi islohotlar Xitoy davlati tajribalari asosida amalga oshirilmoqda.