Farmonga koʻra, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Oʻzbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bogʻliq quyidagi qoʻshimcha vazifa va funksiyalar yuklandi, jumladan:
— aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklaridagi yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
— tuman va mahallalarning ixtisoslashuv boʻyicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash va ularni kambagʻallikdan chiqarish.
Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha kengash tuzildi.
Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.