Kambodja Trampni tinchlik bo'yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko'rsatmoqchi

    Qirollik bosh vaziri o'rinbosari Sun Chantolning ta'kidlashicha, AQSh Prezidenti aralashuvisiz Kambodja va Tailand harbiy harakatlarni to'xtatish bo'yicha kelishuvga erisha olmagan bo'lardi.

    Kambodja hukumati AQSh Prezidenti Donald Tramp nomzodini tinchlik bo'yicha Nobel mukofotiga ko'rsatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qirollik Bosh vaziri o'rinbosari Sun Chantol ma'lum qildi, deb xabar beradi tass.ru.

    “U nafaqat Kambodja masalasidagi, balki boshqa xizmatlari uchun ham Nobel [tinchlik] mukofotini olishi kerak”, dedi u The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida. Bosh vazir o'rinbosarining ta'kidlashicha, Amerika Prezidentining aralashuvisiz Kambodja va Tailand, ehtimol, chegara hududida harbiy harakatlarni tugatish bo'yicha kelishuvga erisha olmagan bo'lar edi. Uning qo'shimcha qilishicha, Pnompen Oq uy rahbari nomzodini mukofotni topshiruvchi Nobel qo'mitasiga taqdim etish taklifini yuborish niyatida.