Kamchatka qirg'oqlarida 7,2 magnitudali zilzila sodir bo'ldi. Dalniy Vostok va AQSh uchun sunami haqida ogohlantirish e'lon qilindi. Bu haqda 18-sentabr, payshanba kuni kechqurun Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatining Kamchatka bo'limi ma'lumotlariga ko'ra, yer silkinishlarining epimarkazi Petropavlovsk-Kamchatskiydan 93 kilometr dengizda, 123 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Kamchatkaning sharqiy qirg'og'ida sunami xavfi e'lon qilindi, mahalliy hokimiyat vakillariga ko'ra, aholi ogohlantirilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi balandligi 1,5 metrgacha bo'lgan to'lqinlar bo'lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shu bilan birga, amerikalik seysmologlar zilziladan keyin Kamchatka qirg'oqlarida ikki bor 5,8 va 5,4 magnitudali aftershok sodir bo'lganini xabar qilishdi.
Rossiyalik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining xabar berishicha, uylarda mebellar chayqalib, qandillar larzaga kelgan, aeroportdagi tebranishlar tufayli elektron ma'lumot taxtalarini sindirishga bir bahya qolgan.
Jabrlanganlar va vayronagarchiliklar haqida hozircha ma'lumotlar yo'q.
AQSh Geologiya xizmati ham zilzila tufayli sunami haqida ogohlantirdi, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Saxalin viloyati bo'yicha boshqarmasi Kuril orollari uchun ham xuddi shunday ogohlantirish berdi, deb xabar berdi korrespondent.net.