O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari R. Siddiqov Surxondaryo viloyatiga borib «Suvoqava» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli chiqindi suvlarni tozalash inshootining texnik va ekologik holatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida senator aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, ularning muammo va takliflarini eshtdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Termiz shaxar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi 50-55% ni tashkil etib, sinov laboratoriyalarning so‘nggi kimyoviy tahlillariga asosan, oqavadagi muallaq moddalar belgilangan me’yordan 1,47 barobar, azotli nitrit esa 1,8 barobar ortiq oqizilayotgan ekan.
Shuningdek inshootning havo haydash uskunasiga o‘rnatilgan 3 ta dvigatel ishdan chiqib ventilyasiya tizimi ishlamayotganligi, uskuna sutkasiga o‘rtacha 5-8 soat ishlatilayotgani aniqlandi.
O‘rganishlar natijasida Termiz shaxar oqova suv tozalash va oqova suv ko‘tarish inshoatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va uni davlat dasturiga kiritish rejalashtirildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.