Qaror loyihasiga koʻra, Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlanadi.
Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi davlat oliy taʼlim muassasalarining tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat, dizayn,sanʼatshunoslik hamda muzeyshunoslik yoʻnalishlarining oxirgi ikki kursida taʼlim olayotgan bakalavriat bosqichi talabalariga tayinlanadi.
Kelgusi oʻquv yili uchun davlat stipendiyasi soni joriy oʻquv yili oxirida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Badiiy akademiya davlat oliy taʼlim muassasalari boʻyicha davlat stipendiyasini taqsimlashni taʼlim ixtisosligi va talabalar soniga muvofiq amalga oshiradi.
Davlat stipendiyasi davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga Badiiy akademiya tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga asosan tayinlanadi.
Davlat stipendiyasi kvotasi quyidagi taʼlim yoʻnalishlarining har biri boʻyicha bittadan alohida-alohida taqsimlanadi:
- rangtasvir (turlari boʻyicha);
- grafika va miniatyura;
- haykaltaroshlik (turlari boʻyicha);
- amaliy sanʼat (turlari boʻyicha)
- dizayn (turlari boʻyicha);
- sanʼatshunoslik va muzeyshunoslik (turlari boʻyicha).
Davlat stipendiyasiga sazovor boʻlgan talabalarga “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasining sohibi” guvohnomasi beriladi.
Guvohnoma talabalarga Badiiy akademiya tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.
Davlat stipendiyasiga sazovor boʻlgan talabalar bakalavriat bosqichni tugatganidan soʻng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul kvotasi doirasida qabul qilinadi.
Davlat stipendiyasi sohiblari oʻqishni tugatganlaridan soʻng bir yil mobaynida magistraturada oʻqishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishida ustunlikka ega boʻlish huquqini saqlab qoladilar.