Kamqonlikka qarshi dastur ishlab chiqildi

    JSST tomonidan ishlab chiqilgan dastur sogʼlom ovqatlanish, xastalikni toʼgʼri va oʼz vaqtida aniqlash, vitamin va mikroelementlar qabul qilish, aholining ushbu kasallik toʼgʼrisida xabardorligini oshirish kabi tavsiyalarni oʼz ichiga olgan.

    Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga koʼra, dunyoda ayollarning taxminan 30 foizi, homiladorlarning 37 foizi va olti oylikdan besh yoshgacha boʼlgan bolalarning 40 foizi anemiya, yaʼni kamqonlikdan aziyat chekadi. Bu koʼrsatkich ayniqsa, oʼrta va past daromadli mamlakatlarda yuqori.

    Qon tarkibida temir moddasini oʼz ichiga olgan va unga qizil tus beruvchi murakkab oqsil – gemoglobin moddasi butun tana boʼylab kislorod tashish vazifasini bajaradi. Аgar gemoglobin yetishmovchiligi kuzatilsa, organizmda kislorod tanqisligi yuzaga keladi. Oqibatda bu holat turli kasalliklarning rivojlanishiga yoʼl ochadi.

    Bemorlarda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar moʼrtlashadi. Til yalligʼlanib, ogʼiz atrofida yuzaki yaralar paydo boʼladi.

    Аsab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, ogʼrishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. Xastalikning ogʼir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish qayd etilishi mumkin.

    Mutaxassislar xulosasiga koʼra, kamqonlikning eng koʼp tarqalgan sabablaridan biri organizmda temir moddasi yetishmovchiligidir.

    Oʼz navbatida, bu borada hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari rolini oshirish lozimligi eslatib oʼtilgan.