Bu haqda Kan davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Unga ko'ra, Isroil tomoni HAMASga nisbatan bosimni bosqichma-bosqich oshirish niyatida, bundan tashqari, sektorga gumanitar yordam yetkazilishini to'xtatib qo'ymoqchi. Isroil keyinchalik yana G'azo aholisini shimoldan janubga evakuatsiya qilishini e'lon qilishi va kerak bo'lsa, Falastin anklaviga elektr ta'minotini butunlay to'xtatishi mumkin. Rejalashtirilgan oxirgi chora – AQSh tomonidan yetkazib berilgan og'irroq qurollardan foydalangan holda jangovar harakatlarga qaytish, deb ta'kidlaydi Kan.
Yanvar oyi o'rtalarida Isroil va HAMAS harakati Misr, Qatar va AQSh vositachiligida G'azoda o't ochishni to'xtatish rejimini joriy etishga kelishib, u 19-yanvardan kuchga kirgan edi. Kelishuvni amalga oshirishning birinchi bosqichi 42 kun ichida yakunlandi, sektordan 33 nafar garovga olingan Isroilga qaytarildi. Buning evaziga yahudiy davlati 1500 dan ortiq falastinlikni qamoqdan ozod qildi, ularning ayrimlari Falastin hududidan chiqarib yuborildi.
2-mart kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G'azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishi to'xtatilgani va barcha nazorat-o'tkazish punktlari yopilganini ma'lum qildi. Isroil tomoniga ko'ra, bu HAMAS AQSh maxsus elchisi Stiven Uitkoffning anklavdagi o't ochishni to'xtatish rejimini uzaytirish rejasini qabul qilishdan bosh tortgani uchun qilingan. Netanyaxu agar radikallar muzokaradan bosh tortishda davom etsa, ular “qo'shimcha oqibatlarga” duch kelishidan ogohlantirdi, deb xabar beradi tass.ru.