Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya Falastin davlatini rasman tan oldi

    Dolzarb 21 Sentabr 2025 592

    Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya bugun Falastin davlatini rasman tan oldi, deb yozadi BBC.

    Kanada bosh vaziri Mark Karnining taʼkidlashicha, mamlakat Falastin davlatini tan olib, uning tinch kelajak qurish yoʻlida hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

    Shundan soʻng Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ham oʻz mamlakati Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganini eʼlon qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bu Kanada va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda ikki davlatli yechimni taʼminlashga qaratilgan xalqaro harakatning bir qismi hisoblanadi.

    Kechroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Falastin davlatini tan olish vaqti kelganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, bu qaror tinchlik va ikki davlatli yechim imkoniyatini saqlab qolish, shuningdek, Isroil va Falastin xalqlari uchun yaxshiroq kelajakni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Starmer Gʻazoda yuz bergan insonparvarlik inqirozini keskin qoralab, chegaralardagi cheklovlarni bekor qilishga va gumanitar yordam kirishiga yoʻl ochishga chaqirdi. Shu bilan birga, u bu qaror Hamas uchun mukofot emasligini, balki uning hukumat va xavfsizlikda mutlaqo roli boʻlmasligini taʼkidladi.

    Shu tariqa, Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olgan 150 dan ortiq mamlakatlar qatoriga qoʻshildi.