Muloqot avvalida mehmonga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati, palataning qoʻmitalari, komissiyalari hamda deputatlarning asosiy vazifalari hamda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida qabul qilingan Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida, elchi Qonunchilik palatasining rahbariyati va parlament aʼzolariga uchrashuv uchun oʻz minnatdorligini bildirgan holda, davlatning ichki va tashqi siyosati, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishida parlamentning faoliyati katta ahamiyatga egaligini taʼkidladi.

E.Lekler mamlakatimizga oʻrindoshlik asosida elchi boʻlishi unga yuksak gʻurur bagʻishlashi bilan bir qatorda, katta masʼuliyat ham yuklashini maʼlum qildi. Uning fikricha, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi davlat sifatida oʻzini namoyon qilyapti va mintaqadagi barqaror vaziyatni taʼminlashda muhim oʻrin egallashini alohida aytib oʻtdi.

Uchrashuvda elchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbuslari natijasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrni va nufuzi yanada yuqori darajaga koʻtarilayotganini eʼtirof etib, mazkur islohotlarni amalga oshirishda oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston-Kanada oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, transport energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni amalga oshirishda mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgani taʼkidlandi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yoʻnalishlarning rivojlanishi borasida oʻzaro fikr almashinuvlari orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.