Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida prokuror nazorati tadbirlari olib borilmoqda. Shunday tadrilarda Moddiy ahvoli yaxshilangan, ijtimoiy yordam mablagʻlarini olib kelayotgan 10 258 ta oila “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dan chiqarildi.
Misol uchun, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro A.Sh. oʻz xonadonida tomorqada band boʻlib, turmush oʻrtogʻi A.B. yakka tartibdagi tadbirkor sifatida doʻkonda oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanishi, yashash xonadoni va sharoiti qoniqarli ekani, B.A.ning foydalanuvida onasi S.A nomidagi “CAPTIVA” rusumli avtomashina mavjudligi aniqlangan.
Shunday boʻlsa-da, Sh.A.ga 01.07.2024-yilda 3 nafar farzandi uchun har oyda 505 ming soʻmdan bolalar nafaqasi tayinlanib, toʻlab kelingan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Parkent tumanida reyestrga asossiz kiritilib, davlatdan moddiy yordam olib kelgan shaxslardan Parkent tumani prokuraturasi tomonidan jami 8,2 mln soʻm mablagʻlarni undirish yuzasidan sudga kiritilgan daʼvo arizalari qanoatlantirilib, davlat foydasiga qaytarish belgilangan.
Har bir ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlmagan shaxslarga asossiz toʻlangan mablagʻlar toʻliqligicha byudjetga qaytarilishi va kambagʻal oilalarga manzilli yetkazilishiga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.