Oʻzbekiston transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga tashrifi doirasida mamlakatimiz tashqi savdosi uchun strategik ahamiyatga ega kelishuvga erishildi.
Pokistonning Dengiz ishlari vaziri oʻrinbosari Umar Zafar Shayx hamda Karachi porti raisi Shaxid Axmed bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakunida Karachi porti hududida Oʻzbekiston omborlarini tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolandi.
Uchrashuvda asosiy urgʻu Pokiston portlari orqali Oʻzbekiston yuklarini tashishda maksimal darajada qulay sharoitlar yaratishga qaratildi. Xususan, Karachi portida yurtimiz tadbirkorlari uchun oʻz omborlariga ega boʻlish imkoniyati yuklarni saqlash va taqsimlash xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, muzokaralar davomida sohaga sarmoya kiritadigan investorlar uchun alohida imtiyozlar berish masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi.