NASAning maʼlumotlariga qaraganda, 2020-yil may va iyun oylarida, asosan, Osiyo va Amerika qitʼasi hisobiga ozon tashlanmalari 2 foizga kamaygan.
Ekspertlar bu juda yaxshi koʻrsatkich ekanini, hatto atmosferaga chiqariladigan gazlar miqdorini kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilgan taqdirda ham bunday koʻrsatkicha erishish uchun kamida 15 yil talab etilardi, degan fikrni bildirmoqda.
Ozon aslida atmosfera uchun zarur: u sayyoramizni quyosh ridiatsiyasidan muhofaza qiladi. Biroq atmosferaning quyi qatlamlaridagi ozon molekulalari inson organizmi uchun zararli. U oʻpkaga ziyon yetkazadi, yurak-qon tomir hamda respirator kasalliklari yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin.
Ozon insoniyat tomonidan atmosferaga toʻgʻridan-toʻgʻri tashlanadigan zararli modda emas. U quyosh nurining avtomobillar, zavodlar, elektrostansiyalar tomonidan chiqarilayotgan azot oksidi bilan oʻzaro harakatga kelishi oqibatida yuzaga keladi. Bu esa inson organizmi uchun xavfli sanaladi.