“Karavan SK” loyiha uchun Oʻzbekiston charm-poyabzal sohasini tanladi

    Biznes 25 Yanvar 2023 1094

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning “Karavan SK” kompaniyasi rahbari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvning asosiy mavzusi mamlakatimizda xom ashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor charm ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻldi.

    “Oʻzbekistondagi qulay ishbilarmonlik muhiti meni bu yerga investitsiya kiritishga undadi. Ikki yil davomida mamlakatdagi investitsiya iqlimini, bozorlarni tahlil qilib chiqdik. Mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qildik. Tahlillarimiz soʻngida esa Oʻzbekistonda terini qayta ishlash va tayyor charm ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaror qildik. Shu sabab charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalaridan yer maydoni olishni maqsad qilganmiz” deya oʻz maqsadini maʼlum qildi “Karavan SK” kompaniyasi rahbari Vladimir Tochilin.

    Muloqotda xorijiy investorga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida olib borilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi soʻngi oʻzgartish va sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, muzokaralar chogʻida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari atroflicha muhokama etildi. Xorijlik investor mazkur investitsiya loyihasini Toshkent viloyatining Ohangaron va Yuqori Chirchiq tumanlarida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalaridan birida amalga oshirish istagini bildirib oʻtdi.

    Xorijiy investorga yer maydonini ajratish boʻyicha tegishli tartibda ishlarni amalga oshirish boʻyicha Uyushma tomonidan amaliy harakatlar boshlandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.