Karmana tumanidagi “Karmana Hasan baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyati issiqxonachilik va chorvachilik bilan koʻp yillardan beri shugʻillanib kelmoqda. Mazkur korxona bir necha oy ilgari Vengriyaning “Hunland Trade Kft” kompaniyasiga taklif bilan murojaat qilgan edi. Shundan soʻng har ikkala korxona oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.
Mazkur yirik xorijiy kompaniya 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, zotli qoramollarni parvarishlash, sut chorvachiligi va chorva hayvonlarini tashish bilan shugʻillanadi. Kompaniya tomonidan chorva mollari Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Xorvatiya, Bosniya, Kosovo, Bolgariya, Ruminiya, Avstriya, Belgiya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Jazoir, Livan, Iordaniya, Marokash, Albaniya, Isroil kabi mamlakatlarga yetkazilib berilmoqda.
Qariyb ming nafarga yaqin ishchi-xodimlarga ega kompaniyaning Vengriya va Gretsiyada yirik fermalari mavjud. Shuningdek, mazkur subyekt chorvani toʻgʻridan-toʻgʻri xaridorlarga yetkazib berish uchun Yevropa standartlariga toʻliq javob beradigan eng zamonaviy yuk mashinalariga asoslangan oʻz avtoulov parkiga ega.
—Bugungi kunda xalqimizga arzon sut va goʻsht mahsulotlari yetkazib berish asosiy masala, — deydi “Karmana Hasan baraka” MCHJ taʼsischisi, xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputati Aziz Suvonov. — Bu borada esa xorij tajribasini oʻrganish zarur. Vengriya davlati qishloq xoʻjaligining mazkur tarmogʻida dunyoda yetkachi sanaladi. “Hunland Trade Kft” esa mazkur mamlakatdagi qishloq xoʻjaligi sohasida keng tarmoqli va dunyo miqyosida faoliyat olib borayotgan kompaniya sanaladi.
Qayd etish kerak, mazkur xorijiy kompaniya bosh direktori va Yevroosiyo boʻyicha hududiy rahbari, shuningdek mahalliy tadbikorlar Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov qabulida boʻlib, birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yangi tashkil etiladigan “Hunland EuroAsia” Oʻzbekiston-Vengriya qoʻshma korxonasi xorijdan zotli mollarni yurtimizga olib kelish va sotish, shuningdek zotli mollar parvarishini aholiga oʻrgatish, keyinchalik esa veterinariya xizmatlari koʻrsatishni oldiga maqsad qilgan.