“Kartaboz” oʻquvchilarning ota-onalariga jarima solindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Maktabmi bu yoki qimorxona?” sarlavhasi ostida video tarqaldi.

    Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mazkur holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

    Aniqlanishicha, videolavhadagi voqea 2024-yil 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumtaʼlim maktabida 8-“B” sinf oʻquvchilari tomonidan tarix fani darsi chogʻida sodir etilgan.

    Dars jarayoniga xalaqit qilib, “kartabozlik” qilgan toʻrt nafar oʻquvchi va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab maʼmuriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.

    Oʻquvchilarning ota-onalariga Maʼmuriy Kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qoʻllanildi. 8-“B” sinf rahbari N.B. ga nisbatan intizomiy chora koʻrildi.

    "Sizlardan iltimos, farzandingizning faqat maktabga borishi emas, balki uning papkasida nimalar borligi, koʻcha-koʻyda kimlar bilan oʻrtoqligi, darslarni qanday oʻzlashtirayotganligi bilan ham qiziqsangiz ayni muddao boʻlur edi. Ularning oʻsmirlik davri yoshidagi oʻzgarishlar, qiziqishlarini nazoratga olish va farzandlarimizga zarur shart-sharoitlar yaratish kelgusida faqat yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun zamin yaratadi, xolos", deyiladi xabarda.