Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarda birdek olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, shu jumladan xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, hayoti farovonligini oshirish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri darajasiga koʻtarildi. Natijada bugungi kunda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, taqdir taqazosi bilan qiyin ahvolga tushib qolgan ayollar muammolarini hal etish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlar borasida keng-koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mutasaddiligida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda tegishli masʼul tashkilotlar rahbarlari tarkibida Ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, “Ayollar daftari”ni shakllantirish ishlari amalga oshirildi. Ayni kunda respublikamizning barcha hududlarida mazkur daftarga kiritilgan ijtimoiy, huquqiy va psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz xotin-qizlar muammolarini hal etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Alohida taʼkidlash oʻrinliki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimining yoʻlga qoʻyilishi xotin-qizlar muammolari bilan tizimli ravishda shugʻullanish va ular yechimini topish borasida keng imkoniyatlar yaratdi. Bugungi kungacha Respublika komissiyasi tarkibidagi Ishchi guruhlari mamlakat miqyosida 30 yoshdan yuqori boʻlgan xotin-qizlar bilan muloqotlar oʻtkazib, ularning natijalari chuqur tahlil qilindi hamda maʼlumotlar shakllantirildi.

Xususan, “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan 9 toifadagi, yaʼni ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ishsiz, boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, uy-joyini taʼmirlashga muhtoj I guruh nogironligi boʻlgan, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, qaramogʻida bir va undan ortiq I yoki II guruh nogironligi boʻlgan farzandlari mavjud yolgʻiz ayollar, shuningdek, tibbiy himoya, huquqiy yordam va psixologik maslahatga muhtoj ehtiyojmand ayollar aniqlanib, ularga joyida amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Respublika darajasida hal etiladigan muammolar boʻyicha esa “Yoʻl xaritalari” tuzilib, koʻplab masalalarga yechim topilmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yana bir savobli va ezgu ishga qoʻl urildi. Xususan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan respublikamizning turli hududlarida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kirgan munis opa-singillarimiz uchun Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalar boʻylab bepul sayohatlar tashkil etilmoqda.

Ana shunday sayohatlarning navbatdagisi kuni kecha Toshkent viloyatilik ijtimoiy himoyatalab ayollar uchun tashkil etildi. Xususan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 54 nafar ayol Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Xorazm viloyati boʻylab turistik sayohatga olib chiqildi.

Toshkent Janubiy vokzalidan zamonaviy poyezdlarda yoʻlga chiqqan mehmonlar Urganch shahrida karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Xush kayfiyatda manzilga yetib kelgan sayohatchi ayollar yoʻl charchogʻini sezmadilar ham. Ular maxsus avtobuslarda Urganch vokzalidan toʻgʻri “Xorazm palas” mehmonxonasiga olib borilib, joylashtirildi. Barcha sharoitlar muhayyo etilgan shinam mehmonxona mehmonlar kayfiyatiga yana-da xush kayfiyat qoʻshdi.

Xorazmning mashhur taomlariga boy boʻlgan tushlik vaqtida mehmonlar nafaqat ichki turizm, balki gastronomik turizm ishtirokchisi ham boʻlganlarini eʼtirof etdilar. Shundan soʻng Toshkent viloyatilik ayollar dastlab koʻhna va hamisha navqiron Xiva shahridagi ochiq osmon ostidagi muzey nomi bilan mashhur “Ichan kala” majmuasiga sayohat qildilar. Bu tarixiy maskanda ular “Koʻhna ark”, 1000-yillik tarixga ega boʻlgan Juma masjidi, Oq Shayx bobo tepaligi, Pahlavon Mahmud ziyoratgohi, “Toshhovli” saroyi, Qozixona, Maorif muzeyi bilan yaqindan tanishib, mazkur tarixiy obidalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.

Kun boʻyi amalga oshirilgan sayohat taassurotlari toʻgʻrisidagi suhbatlar kechki madaniy dasturga ulanib ketdi. Madaniy dastur davomida mehmonlarga Xorazmning xushovoz xonanda-yu sozandalari xizmat koʻrsatdilar. Shoʻx-shodon qoʻshiqlarga mos ravishda ijro etilgan raqslar mehmonlarga yana-da xush kayfiyat baxsh etdi.

Sayohatning ikkinchi kuni Toshkent viloyatilik ayollar Niyoz Muhammad Oxunbobo Jomye masjidi va Jaloliddin Manguberdi majmuasiga tashrif buyurib, shonli tariximizga oid maʼumotlar bilan tanishdilar.

Sayohatning navbatdagi manzili “Ulli hovli” turistik majmuasi boʻldi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan turistik sayohatlarning har bir manzili mehmonlarda katta taassurotlar uygʻotish bilan birga, milliy madaniy merosimizga boʻlgan qmziqishlarini ham oshirdi. Eng muhimi, har bir sayohatchi ayol mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan ijtimoiy himoyatalab xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan boshi osmonga yetib, ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortgan holda oʻz uylariga qaytdilar.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

Matbuot xizmati rahbari