Kasaba uyushmasi tomonidan 1 nafar xodimga yil davomida 5 million 62 ming so'mgacha mablag' sarflanadi

    Bu haqda AOKAda bo'lib o'tgan brifingda  Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev ma'lum qildi.

    Qayd etilishicha, Kasaba uyushma tashkilotlari sa'y-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimning mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 13,6 milliard so'mdan ortiq mablag' undirib berildi. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo'yicha o'rta hisobda 1 nafar xodimga yil davomida sarflangan mablag' miqdori 1,5 million so'mdan 5 million 62 ming so'mgacha oshdi. Nodavlat tashkilotlarining 900 mingga yaqin xodimi kasaba uyushma a'zoligiga jalb etilib ularning ijtimoiy himoyasi ta'minlanmoqda. 2021 yilning 9 oyi davomida jamoa shartnomalari orqali 173 mingdan ortiq fuqaroga va qariyb 49 ming oilaga 117 milliard 439 million so'mlik ijtimoiy ko'mak ko'rsatildi. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida 14 ta sog'lomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruktsiya qilindi. Natijada bir yilda qo'shimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sog'lomlashtirish imkoniyati yaratildi.

    Brifingda ma'lum qilinganidek, Davlatimiz rahbarining O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2020- yilda bo'lib o'tgan 8-Qurultoyi ishtirokchilariga yo'llagan tabrikda mustaqil davlatimiz tarixida ilk bora 11 -noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifi bildirilgan edi. “O'zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to'g'risida”gi qonun qabul qilindi va bu 5,5 milliondan ortiq a'zoga ega bo'lgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlanib qoldi. SHuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekiston kasaba uyushmalari Akademiyasi tashkil etildi.

    Tizimga qaratilayotgan bunday e'tibor tufayli kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o'rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko'tarildi. Kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, xodimlarning mehnat huquqlarini samarali himoya qilish, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konventsiyalarini ratifikatsiya qilishda hamkorlik yo'nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi. O'tgan davrda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining faol ishtirokida XMTning 5 ta konventsiyasi va bitta protokoli ratifikatsiya qilindi. Ijtimoiy mehnat munosabatlariga oid qabul qilingan qonunlarning aksariyatida davlat organlari tomonidan Federatsiyaga kelishish uchun taqdim etilgan 1300 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan yangi Mehnat kodeksida kasaba uyushmalari takliflarining aksariyati o'z aksini topdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019- yilning 6-dekabrida “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonunning imzolanishi yana bir muhim tarixiy voqea bo'ldi. Yangi O'zbekiston kasaba uyushmalarining mustahkam huquqiy asoslari yaratildi.