— Zamburugʻlarning 100 mingdan ortiq turlari maʼlum boʻlib, ulardan 500 ga yaqini odam va hayvonlar uchun patogen hisoblanadi, yaʼni kasallik paydo qiladi. Zamburugʻli kasalliklar bemordan yoki kasal hayvondan odamga (asosan, bemor bilan bevosita muloqotda boʻlganda yoki uning zararlangan buyumlaridan foydalanganda) oʻtadi.
Ular tashqi muhitning turli omillariga chidamli, masalan, ochiq suv havzalari, oʻrin-koʻrpalar, kiyim-bosh, gilam hamda sochlarga tushganda, bir necha yilgacha kasallik chaqirish qobiliyatini saqlab qoladi.
Zamburugʻlarning achitqisimon turi patogen hisoblanadi. Ular (kandida zamburugʻlari) tabiatda juda keng tarqalgan boʻlib, meva-sabzavot, sut mahsulotlari, shuningdek, odam, hayvon terisi hamda shilliq qavatlarda saprofit holatda yashaydi va faqat muayyan sharoitlarda kandidozlar deb ataluvchi oʻziga xos kasallikni keltirib chiqaradi.
Meʼda-ichak xastaliklari, vitaminlar muvozanatining buzilishi, leykoz kasalligi, antibiotiklar bilan tartibsiz davolanish kandida zamburugʻlarining faoliyatini oshirib, kasallik vujudga kelishiga olib keladi.
Kasallikning klinik kechishiga qarab:
- shilliq qavat va teri kandidozi,
- kandidozli onixomikoz,
- paronixomikoz,
- surunkali generalizatsiyalashgan bolalar kandidozi alohida ajratiladi.
Bunda bemor tanasida toʻq qizil rangli, aniq chegaralangan, usti gardish bilan qoplangan dogʻlar paydo boʻladi. Barmoqlar orasidagi kandidozli eroziya asosan qandolatchilar, idish-tovoq yuvuvchilar va boshqalarda uchraydi.
Jarayon 3 va 4-barmoqlar orasida, toʻq qizil rangli, aniq chegaralangan va oʻrtasida seroz suyuklik boʻlgan eroziya borligi bilan ifodalanadi.
Ogʻiz shilliq qavati kandidozi esa tashqaridan kirib kelgan zamburugʻ hisobiga rivojlanishi mumkin.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.