MKning 181-moddasiga asosan xodim tomonidan sodir etilgan nojoʻya xatti-harakat uchun unga hayfsan eʼlon qilish, jarimaga tortish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin. Xodimga nisbatan bemorlik davrida hayfsan yoki jarima kabi intizomiy jazolarni qoʻllashga qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri cheklov mavjud emas. Shu bilan birga xodimni vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno. Mehnat intizomini buzganlik uchun mehnat shartnomasini bekor qilish - bu MKning 100-moddasi 3-4-bandlariga binoan (xodim tomonidan mehnat vazifalarini muntazam va bir marta qoʻpol ravishda buzish) ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatishdir. Shu tariqa, “kasallik taʼtili” vaqtida faqat hayfsan eʼlon qilish yoki jarimaga tortish mumkin.

Bunda ish beruvchi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi toʻgʻrisidagi qonunning barcha talablarini bajarishi shart.

Jumladan, intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi, agar xodim uni berishdan bosh tortsa, bu haqda dalolatnoma tuzilishi lozim. Tegishincha, savol tugʻiladi - agar xodim ishda boʻlmasa (“kasallik taʼtili”da) ish beruvchi “tushuntirish xati”ni qanday tarzda olishi lozim?

Albatta, xodimga u tomondan sodir etilgan intizomiy nojoʻya xatti-harakat boʻyicha yozma tushuntirish taqdim etish taklifi bilan xat (shu jumladan elektron shaklda) yoʻllash mumkin. Yoki - “tushuntirish xati” olish yoki tushuntirish berishdan bosh tortganlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish uchun ish beruvchining vakilini unga yuborish mumkin. Biroq xodim kasalxonada boʻlishi yoki bemorlik tufayli yozma tushuntirish berishga jismonan qodir boʻlmasligi mumkin. Shu bois uning ishga chiqishini kutgan maʼqul. Buning ustiga, jazo nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan boshlab qoʻllaniladigan bir oy muddatga vaqtincha qobiliyatsizlik davri kirmaydi.

Agarda xodim “tushuntirish xati”ni taqdim etgandan keyin “kasallik taʼtili”ni rasmiylashtirgan boʻlsa yoki sizda bosh tortganlik toʻgʻrisida dalolatnoma mavjud boʻlsa, hayfsan yoki jarima tarzida intizomiy jazoga tortish toʻgʻrisida buyruqni rasmiylashtirishga hech narsa toʻsqinlik qilmaydi. Biroq bu yerda xodimni buyruq bilan tanishtirish yuzasidan muammo yuzaga keladi, sababi qonun ish beruvchiga uni xodimga tilxat olib eʼlon qilish majburiyatini yuklaydi. Xodimga intizomiy jazo qoʻllash tartib-taomili uni buyruq bilan tanishtirilganda yoki tanishishdan bosh tortish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilganda tugal hisoblanadi. Shu bois, agar intizomiy jazoga tortish toʻgʻrisidagi buyruq xodimning vaqtincha qobiliyatsizlik davrida chiqarilgan boʻlsa, uni buyruq bilan u ishga chiqqandan keyin tanishtiring.

Va unutmang: nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab 6 oy oʻtganidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa - sodir etilgan kundan boshlab 2 yil oʻtganidan keyin jazoni qoʻllab boʻlmaydi. Jinoiy ish boʻyicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.