Yurtimizda issiq kunlar boshlandi, tabiiyki ho'l mevalar va salqin ichimliklarga ehtiyoj ortadi. Bu davrda oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishda gigienik talablarga rioya qilmaslik aholi o'rtasida o'tkir yuqumli ichak kasalliklarining ko'payishiga sabab bo'ladi.
O'tkir yuqumli ichak kasalliklarini turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Qo'zg'atuvchisining turiga qarab, kasalliklar ichburug', salmonellyoz, ichterlama kabi nomlar bilan yuritiladi.
Kasalliklarning yoz oylarda ko'proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo'ladi.
— avvalo havo haroratining yuqori bo'lishi.
Bu inson organizmida ma'lum immunobiologik o'zgarishlar kuzatilishi, ya'ni himoya vositalarining kuchsizlanishi, kasalliklarga chalinishga zamin hozirlaydi.
Odatda ushbu kasallikning kelib chiqishiga quyidagi holatlarda kuzatiladi:
— bozorlarda ho'l mevalar ta'mini tatib ko'rgan vaqtida,
— yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste'mol qilganda,
— ho'l mevalarni yaxshi yuvmasdan iste'mol qilinganida,
— shu kasallik bilan og'rigan bemor bilan muloqatda bo'lganda,
— bolalar ochiq suv havzalarida cho'milgan paytlarda suv bilan mikroblarning organizmga tushishi,
— issiq vaqtlarda insonlarning qaynatilmagan suvlarni juda ko'p ichishlari natijasida oshqozondagi xlorid kislotasining kontsentratsiya pasayib ketishi va buning oqibatida kasallikning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratilganda chalinish kuzatiladi.
Bundan tashqari, ba'zi onalar chaqaloqlarga beriladigan sun'iy ovqatlarni ortiqchasini ikkinchi marta berish uchun shishasi bilan qaynatilgan suvga solib qo'yadilar. Sutning iliq holatda bo'lishi mikroblarning ko'payishi uchun qulay sharoit hisoblanadi.
O'tkir yuqumli ichak kasalliklarining tarqalishida pashshalar ham katta rol o'ynaydi. Ular iflos joylarga tuxum qo'yib, ko'payib, kasallik qo'zg'atuvchi mikroorganizmni o'ziga ilashtirib oladi hamda oziq-ovqat mahsulotlariga qo'nib, ularga mikroblarni tarqatadi. Bu haqida Sanepidxizmat Matbuot xizmati xabar bermoqda.