Kasanachilik davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi

    Biznes 28 Fevral 2023 1042

    2023-yil 23-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-70-son qarori qabul qilindi.

    Aholining bandligini taʼminlash va daromadlarini koʻpaytirish uchun ish beruvchilarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida tovarlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish faoliyatiga jalb etishga ruxsat beriladi.

    Bunda kasanachi sifatida jalb etilgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga kasanachilik faoliyati uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar bilan birga oʻzini oʻzi band etgan shaxslar uchun belgilangan imtiyoz va preferensiyalar ham qoʻllaniladi.

    Oʻzini oʻzi band etgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan 19 ta qoʻshimcha faoliyat turlari roʻyxati tasdiqlandi.

    2023-yil 1-martdan 2026-yil 1-yanvarga qadar uch oydan ortiq muddatga oʻttiz nafardan ziyod kasanachilarni belgilangan tartibda jalb etgan va kasanachilik asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (koʻrsatilgan xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari jami daromadining 60 foizidan koʻprogʻini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun:

    - foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50 foizga kamaytirilgan holda, biroq tadbirkorlik subyekti tomonidan kasanachilarga toʻlangan ish haqi miqdorining 1,5 baravaridan oshmagan miqdorda hisoblanadi;

    - davlat mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlari 50 foiz miqdorida belgilanadi;

    - davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda byudjet buyurtmachilari tomonidan 50 foiz miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshirish nazarda tutiladi.

    Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. 2023-yil 1-martdan boshlab kasanachilikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlik subyektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ular kasanachilikni tashkil etgan mahallalar joylashgan hududidan qatʼi nazar ajratiladi.

    Tadbirkorlik subyektlariga quyidagi subsidiyalar ajratiladi:

    - 2025-yil 1-yanvarga qadar kasanachilik bilan shugʻullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish boʻyicha xarajatlarini qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun BHMning 30 baravarigacha miqdorda bir martalik;

    - kasanachilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi boʻyicha BHMning 40 baravarigacha miqdorda;

    - kasanachilarni kasb-hunarga oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarini uch oygacha boʻlgan muddatda qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun har oyda BHMning 2 baravarigacha miqdorda.

    2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 500 milliard soʻmi kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari tavsiyasi asosida tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun:

    oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida har bir jalb etilgan kasanachi uchun 2 million soʻmgacha, biroq jami 300 million soʻmgacha yillik 14 foiz stavkada, 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga revolver kreditlar ajratiladi;

    Jamgʻarma hisobidan har bir jalb etilgan kasanachi uchun 1 million soʻmgacha, biroq jami 150 million soʻmgacha 2 yilgacha muddatga foizsiz ssuda ajratiladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 24-fevraldan kuchga kirdi.