Аrizada koʼrsatilishicha, u togʼ-kon metallurgiya sohasida 6 yil 10 oy davomida ishlab kelgan. Sogʼligʼining yomonlashgani, yoʼtal, koʼkrak qafasi, boʼyin va beldagi kuchli ogʼriqlar hamda kuchli zaiflik sababli Sogʼliqni saqlash vazirligi Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tibbiy tekshiruvdan oʼtkaziladi. Unga institut tomonidan 2022-yil 6-yanvar kuni Silikoz — bronx-oʼpka apparatining kasbiy kasalligi tashxisi qoʼyiladi.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib oʼrganilishi davomida 2021-yilning 23-iyun kuni murojaatchi faoliyat yuritgan korxona va sugʼurta kompaniyasi oʼrtasida “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish” shartnomasi tuzilgani aniqlandi.
Murojaatchi kasb kasalligini orttirib olgani fakti boʼlsa ham uning murojaati sugʼurta kompaniyasi xodimlari tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan.
Shundan soʼng, Ombudsman tomonidan sugʼurta kompaniyasiga fuqaro B.I. sugʼurta shartnomasining yuridik kuchga ega boʼlgan davrida kasb kasalligini orttirib olganiga yetarli asoslar borligi va shu nuqtai nazardan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi boʼyicha taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma natijalariga koʼra fuqaro B.I. kasb kasalligini orttirib olgani sugʼurta hodisasi deb hisoblanib unga jami 191 million soʼmdan ortiq sugʼurta tovoni toʼlanishi belgilandi.
Hozirda murojaatchiga 118 million soʼmga yaqin sugʼurta tovoni toʼlab berildi. Sugʼurta tovonining qolgan 73 mln soʼmdan ortiq qismi oyma-oy toʼlanishi maʼlum qilingan.